Klublar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida birinchi bor ishtirok etayotgan “Olmaliq” futzal klubi turnirni mag‘lubiyat bilan boshladi. Bu haqda “Championat.asia” xabar berdi.
Eron chempioni “Tasisat Daryoiy”ga qarshi zalga chiqqan “Olmaliq” futzalchilari 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvda hisob forslar tomonidan ochilgan bo‘lsa, keyinroq Farhod Abdumavlonov dubl qayd etdi.
Shundan keyin Eron chempioni yana 3 ta gol urdi. Uchrashuv yakunida Javlon Anorov “Olmaliq” uchun uchinchi golni urib, o‘yinga yakun yasadi.
“Tasisat Daryoiy”ni Eron futzalida katta iz qoldirgan Vohid Shamsaiy boshqarib boradi. Shamsaiy Eron futzal terma jamoasi uchun 392 ta gol urgan futzalchi hisoblanadi.
“B” guruhidagi so‘nggi uchrashuvni “Olmaliq” 16-iyul kuni Livan chempioni “Al-Mayadin” klubiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 15:00 da start oladi.
Tailand mezbonlik qilayotgan klublar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida 12 ta jamoa 4 ta guruhga bo‘lingan holda ishtirok etmoqda. 3 tadan jamoa bor guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallar jamoalar chorak finalga yo‘llanma oladi.
Izoh (0)