Yuqori patogenli parranda grippi (H5N1) Afrika bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda — u 2006-yildan buyon ilk marta Markaziy Afrikada aniqlandi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda xavfli kasallik mintaqaning Burkina-Faso, Gana, Kamerun, Kot-d’Ivuar, Niger va Nigeriyada avj olgan.
“Kasallikning avj olishi Kamerundagi tovuq fermalarida qayd etilgani tasdiqlandi. Bu mamlakat va unga qo‘shni davlatlarda parrandaning ishlab chiqarishini xavf ostiga qo‘ymoqda”, — deyiladi tashkilot xabarida.
Qayd etilishicha, eng og‘ir vaziyat Nigeriyada kuzatilmoqda. Virus tufayli 3,5 millionga yaqin parranda halok bo‘lgan yoki yaroqsiz deb topilgan. Buning oqibatida kelgan iqtisodiy zarar 20 million dollarga baholangan.
Tashkilot Afrika davlatlarini sergakroq bo‘lishga hamda sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi muassasalari, shuningdek, jamiyat bilan birgalikda ishlashga chaqirmoqda.
Izoh (0)