Buyuk Britaniya hukumati ayollarning qurolli mojarolar hududlarida harbiy xizmat o‘tashiga nisbatan taqiqni bekor qiladi. Bu haqda 8-iyul, juma kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeronning bayonotida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.
“Ushbu taqiqning bekor qilinishi katta qadam hisoblanadi. Bu qurolli kuchlar ayollarning qobiliyatlaridan maksimal foydalanish imkonini beruvchi shart-sharoitlarni ta’minlaydi. Bunda ayollarning barcha postlarda xizmat o‘tash imkoniyatlari oshadi”, — deyiladi Kemeronning bayonotida.
Bosh vazirning so‘zlariga qaraganda, u Britaniya armiyasiga qo‘mondonlik qiluvchi general Nik Karterning tavsiyasini qabul qilgan. General ayollar jangovar harakatlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.
AP agentligining ma’lum qilishicha, shu paytgacha britaniyalik ayollar qiruvchi samolyotlarning uchuvchisi sifatida yoki kema va suvosti kemalarida xizmat qilishi mumkin edi. Biroq jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etuvchi artilleriya va tank bo‘linmalarida xizmat qilish huquqiga ega emas edi.
Izoh (0)