Yevro—2016 chorak finalining uchinchi juftligi doirasida Germaniya va Italiya terma jamoalari o‘zaro hisob-kitob qildi. Bellashuvning asosiy va qo‘shimcha daqiqalarida g‘olibni aniqlashning imkoni bo‘lmadi.
Uchrashuvning 65-daqiqasiga kelib Mesut O‘zil Germaniya terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq nemislar bu ustunlikni saqlab qola olmadi.
77-daqiqaga kelib bosh hakam Germaniya termasi darvozasi tomon penalti tayin qildi. Bu vaziyatda Jerom Boateng to‘pni qo‘li bilan o‘ynagandi. 11 metrlik jarima zarbasini himoyachi Leonardo Bonuchchi aniq amalga oshirdi — 1:1.
Shu tariqa o‘yin penaltilar seriyasiga qadar yetib bordi va unda Germaniya terma jamoasi 6:5 hisobida ustun keldi.
Dastlabki beshtadan zarbada har ikki terma jamoadan 3 tadan futbolchi noaniq zarba berdi. Jumladan, Germaniya termasidan Tomas Myuller, Mesut O‘zil hamda Bastian Shvaynshtayger noaniq zarba yo‘lladi. Italiyadan esa Simone Dzaza, Gratsiano Pelle, Leonardo Bonuchchi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Mesut O‘zil Slovakiyaga qarshi kechgan nimchorak final o‘yinida ham penaltidan gol ura olmagan bo‘lsa, Bonuchchi Germaniyaga qarshi o‘yinning asosiy vaqtida aynan 11 metrlik nuqtadan to‘p kiritgandi.
Tomonlar g‘olibni aniqlash uchun umumiy hisobda 9 tadan zarba berdi. Matteo Darmian Italiya safidan to‘qqizinchi zarbada Noyerdan ustun bo‘la olmadi. Yonas Xektorning aniq zarbasi esa Germaniyani yarim finalda olib chiqdi.
Garchi Italiya terma jamoasi chorak finalda o‘z yurishiga yakun yasagan bo‘lsada, darvozabon Janluidji Buffon to‘p yo‘nalishlarini germaniyalik hamkasbi Noyerga qaraganda ko‘proq topishga muvaffaq bo‘ldi.
Germaniya yarim finalda Fransiya — Islandiya o‘yini g‘olibiga qarshi to‘p suradi.
[wpse_match id="371791" show_title=1]
Izoh (0)