Mahbus Ensisxaym shahri qamoqxonasida garovga olingan ruhshunosni qo‘yib yubordi. Bu haqda Yuqori Reyn (sharqiy Fransiya) departamenti prefekti Paskal Lalarj ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Garovdagi shaxsni jandarmeriyaning terrorizm va garovga olishga qarshi kurash maxsus guruhi o‘tkazgan muzokaralar natijasida ozod etishga muvaffaq bo‘lindi. Muzokaralar yetti soat davom etdi. Tutqunni ozod etish shturmsiz amalga oshirildi”, — deya ta’kidlagan prefekt.
Fransiya OAVlarga ko‘ra, 27 yoshli Mikael Gilgenmann qamoqxonada ishlovchi ruhshunosni garovga olib, shu tariqa ma’muriyatning unga bo‘lgan yomon munosabatiga qarshi norozilik bildirgan: nazoratchilar shu yil may oyida bevaqt olamdan o‘tgan otasi bilan ko‘ngildagidek vidolashib olishiga imkon bermagan.
Izoh (0)