Burkina-Faso va Kot-d’Ivuardagi hujumlar yuzasidan o‘n kishi hibsga olindi, deya xabar bermoqda “TASS” Burkina-Faso ichki ishlar vazirligiga tayanib.
Ulardan uch nafari Burkina-Faso poytaxtidagi Cappuccino kafesiga, Kot-d’Ivuardagi Gran-Bassam kurort shahriga va Burkina-Faso shimolidagi Ursi shahriga uyushtirilgan hujumlarga aloqador.
“49 nafar gumonlanuvchidan iborat guruhga kiruvchi o‘n kishi tergov doirasida qo‘lga olindi, qolgan 39 kishi, dalillar yo‘qligi sababli, hozircha xavotir olmasligi mumkin”, — dedi ichki ishlar vaziri.
Uagaduguda 2016-yil 15-yanvar kuni terrorchilar Splendid mehmonxonasi va uning qarshisidagi Cappuccino kafesini egallab olgandi. Hujumda 30 kishi qurbon bo‘ldi, u uchun javobgarlikni “Islom Mag‘ribi mamlakatlaridagi Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti o‘z bo‘yniga oldi.
13-mart kuni esa terrorchilar guruhi Gran-Bassam shahridagi bir nechta binolarga hujum qildi, oqibatda 19 kishi halok bo‘ldi. Terakt uchun yana “Islom Mag‘ribi mamlakatlaridagi Al-Qoida” o‘zini javobgar deb e’lon qildi.
Izoh (0)