Amerikaning keng turdagi elektron qurilmalar va kompyuter qismlarini ishlab chiqaruvchi Intel korporatsiyasi o‘zining kiberxavfsizlik sohasidagi biznesini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi “Vedomosti”.
Financial Times xabariga ko‘ra, korporatsiya avvalroq McAfee sifatida taniqli bo‘lgan Intel Security bo‘linmasini sotish imkoniyati yuzasidan o‘z bankirlari bilan muzokaralar olib bormoqda. Intel McAfee’ni 2011-yilda 7,7 milliard dollarga xarid qilgan edi.
Korporatsiyaning o‘zi bu borada izoh berganicha yo‘q. Aprel oyida Intel o‘z biznesini data-markaz va internet-qurilmalar uchun mikrochiplar ishlab chiqarishga yo‘naltirishi hamda shaxsiy kompyuterlar uchun mikrochiplardan asta-sekinlik bilan voz kechishi sababli butun dunyo bo‘ylab 12 ming xodimini qisqartirishni rejalashtirayotganini aytgan edi.
Izoh (0)