“Yevroittifoqning qulashi boshlandi. Buyuk Britaniya kemani tark etgan birinchi mamlakat bo‘ldi”, — deb yozdi Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Nuriddin Janikli Britaniyada bo‘lib o‘tgan referendum natijalarini izohlar ekan. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim, o‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning qarori mamlakatning Yevroittifoqdan norozi ekanligini yaqqol ko‘rsatib berganini aytdi. U, shuningdek, ittifoqni referendum natijalarini puxtaroq baholash va bama’niroq siyosat qabul qilishga chaqirdi.
Avvalroq Angela Merkel Yevroittifoq yetakchilari referendum natijalarini 27-iyun, dushanba kuni muhokama qilishini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u vaziyatni muhokama qilish uchun Yevropa kengashi prezidenti Donald Tusk, Fransiya prezidenti Fransua Olland va Italiya bosh vaziri Matteo Rensini Berlinga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, referendum davomida saylovchilarning ko‘pchilik qismi Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishini yoqlab ovoz berdi.
Izoh (0)