Shu kunlarda rasmiy safar bilan Armanistonda bo‘lib turgan Rim papasi Fransisk o‘z chiqishida armanilar genotsidini keskin qoraladi. “RBK”ning Reuters’ga asoslanib bildirishicha, pontifik uchun tayyorlangan nutq matnida armanilar genotsidi haqidagi so‘zlar yo‘q edi, ammo uning o‘zi bunga to‘xtalib o‘tishga qaror qildi.
Armaniston prezidenti Serj Sargsyan va diplomatik korpusga yo‘llangan murojaatda u dastavval tarixiy voqeaning armancha nomi — “Mets Yegern”ni qo‘lladi, ammo keyinroq “genotsid” so‘zini ham tilga oldi.
“Mazkur holatda ushbu so‘zni qo‘llamaslikka sabab yo‘q, — deb tushuntirdi Vatikan matbuot kotibi Federiko Lombardi. — Reallik shunaqa, va biz buni hech qachon inkor qilmaganmiz”.
Hozircha rasmiy Anqara bunga munosabat bildirmadi. O‘tgan yili shu kabi bayonotdan so‘ng Turkiya elchisi Vatikandan 10 oyga chaqirib olingan edi.
Ma’lumot uchun, Turkiya 1915-yilda Usmonli saltanati hududida sodir bo‘lgan voqealarni genotsid deb tan olishdan bosh tortadi.
Eslatib o‘tamiz, papaning Armanistonga safari 26-iyunga qadar davom etadi.
Izoh (0)