ShHTga raislik qilish huquqi O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkentda 23—24-iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo mamlakatlarning Davlat rahbarlari kengashi o‘n oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“A’zo davlatlar O‘zbekistonning ShHTdagi raisligiga yuqori baho berdi va Toshkent sammiti davomida ko‘rsatilgan an’anaviy iliq mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
“ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2017-yil iyunida Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak davr uchun tashkilotga raislik huquqi Qozog‘istonga o‘tadi”, — deya qo‘shimcha qilingan TIV axborotida.
Avvalroq ShHTning Toshkent sammiti yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepal rasman ShHTning muloqot bo‘yicha hamkoriga aylangani, Hindiston va Pokistonning esa ShHTga to‘laqonli a’zo davlat maqomini olishi uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolangani haqida xabar berilgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)