O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23-iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Islom Karimov Vladimir Putin bilan muloqot chog‘ida ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorlikning mantiqiy davomi, ikki mamlakat strategik sheriklikni rivojlantirish yo‘lidan borayotganining yaqqol namoyoni ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda 2016-yil aprel oyida Moskvada o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari o‘zaro hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlagani qayd etildi.
Prezidentlar O‘zbekiston – Rossiya munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdi.
Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berdi. ShHT sammiti asnosida bo‘ladigan muzokaralar barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Izoh (0)