2016-yilning 20-iyun kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekistondagi davlat organlari xodimlari uchun biznes-jarayonlarning reinjiniringi bo‘yicha trening boshlandi. Bu haqda Toshkent shahridagi Inha universiteti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Trening ishida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish Markazi, “UNICON.UZ” DUK hamda Uzinfocom Markazi xodimlari ishtirok etmoqda.
Sakkiz kun davom etadigan treningni Koreya axborot jamiyatini rivojlantirish institutining xalqaro eksperti Minju No o‘tkazmoqda. Trening davomida davlat organlari xodimlari biznes-jarayonlarning reinjiniringi bo‘yicha bilim oladi.
Mazkur bilimlar aholi va biznesga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, xizmatlar raqamlashtirilib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasiga kiritilgunga qadar idoralararo o‘zaro aloqalarni yaxshilash uchun zarur hisoblanadi. Reinjiniringni o‘tkazish majburiy chora hisoblanib, eskirgan va samarasiz jarayonlarga AKTni tatbiq etishga ketadigan xarajatlarni tejab qolish imkoniyatini beradi.
Trening davomida qatnashchilar biznes jarayonlaridagi reinjiniring bo‘yicha o‘z malakalarini quyidagi davlat xizmatlarida sinab ko‘rishlari mumkin: biznesni ro‘yxatga olish, ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi, daromadlar to‘g‘risida soliq deklaratsiyasini taqdim etish va daraxtlarni kesishga ruxsat olish. Trening qatnashchilari besh guruhga (davlat xizmatlariga qarab) ajratilgan bo‘lib, ularning har biriga tahlilchilar, huquqshunoslar, AKT va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislar kiritilgan.
Trening yakunida ishtirokchilar xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zlarining optimallashtirilgan talqinlarini taqdim etadi, ularning natijalariga ko‘ra qonunchilik bazasi va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritiladi.
Izoh (0)