23-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida Toshkentda ShHT Ishbilarmonlar kengashi Boshqaruvining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ShHT Bosh kotibi, ShHT Ishbilarmonlar kengashi ijrochi kotibi, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya va Tojikiston nomidan ShHT Ishbilarmonlar kengashi milliy qismlari raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilish chog‘ida faoliyatni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, mintaqa davlatlarining iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali yaqin istiqbolda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishning ustuvorliklari va asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinib, shuningdek, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, turizm sohasini rivojlantirish, yuksak texnologiyalar yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshiradigan maydonchalarni ishga tushirish sohasidagi hamkorlikning turli jihatlari ko‘rib chiqildi.
ShHT Ishbilarmonlar kengashi 2006-yil 14-iyunda Shanxay shahrida ta’sis etilgan bo‘lib, ShHTga a’zo davlatlarning biznes-jamiyatlari vakillarini birlashtiradi. Tashkilotning maqsadi ishbilarmonlik va moliya doiralari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va muloqotni yo‘lga qo‘yish, ko‘p tomonlama loyihalarning amaliy ilgari surilishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Izoh (0)