2016-yilning 16-iyun kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida AQShdagi nufuzli universitet bitiruvchilarining o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent shahridagi Inha universiteti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Garvard Universiteti, Stendford universiteti va Fletcher yurisprudensiya va diplomatiya maktabi bitiruvchilari ishtirok etdi. Ushbu delegatsiyaga Garvard universitetining Osiyo yetakchilari markazi ijrochi direktori Samuel Kim boshchilik qildi.
Uchrashuv davomida AQShning nufuzli universiteti bitiruvchilari turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z bilimlarini o‘zbekistonlik talabalar bilan o‘rtoqlashdi.
Jumladan, Garvard universiteti bitiruvchilari o‘zbekistonlik talabalarga ma’lumotlarni eslab qolish, biznes-loyihalarni rivojlantirish, shaxsiy brendlarni yaratish, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z karyerasini targ‘ib qilish va boshqa bilimlarni berdi.
O‘zbekistonlik talabalar intervyudan o‘tish, konsalting, moliya va investitsiya, biznes madaniyatni yaratish bo‘yicha o‘z bilimlarini ham yanada mukammallashtirdi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti turli yetakchi oliy o‘quv yurtlari va kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlarni muntazam o‘tkazadi. Bunday uchrashuvlar talabalarga malaka almashishga, nazariyani amaliyotga joriy qilish, dunyoning yetakchi o‘quv yurtlarida magistratura va doktoranturada ta’lim olishga tayyorgarlik ko‘rishga ko‘mak beradi.
Izoh (0)