Britaniya parlamentining quyi palatasi 20-iyun, dushanba kuni Leyboristlar partiyasidan deputat Jo Koksning o‘ldirib ketilishi yuzasidan chaqiriladi. Bu haqda leyboristlar yetakchisi Jeremi Korbin Birstoll shahrida bo‘lib o‘tgan dafn marosimida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Men bosh vazir va spikerdan dushanba kuni parlamentni chaqirishni so‘radim, va ular bunga rozi bo‘ldi”, — dedi Korbin, quyi palata Koksning xotirasini “demokratiya, so‘z erkinligi va siyosiy qarashlarni bildirish erkinligini qadrlaydiganlarning barchasi nomidan hurmat bilan esga olishi”ni ta’kidlar ekan.
Leyboristlar yetakchisi deputatning o‘ldirilishini “nafratni ifoda etish aksiyasi” va “demokratiyaga hujum” deya tavsifladi.
Avvalroq Angliyaning Uest-Yorkshir grafligi Birstoll shahrida Jo Koksga qurolli hujum uyushtirilgan edi. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, yovuz niyatli kishi ko‘chada deputatni do‘pposlay boshlagan, unga bir necha marta pichoq bilan zarba bergan, so‘ng to‘pponcha chiqarib, unga o‘q uzgan. Politsiya jinoyatchini qo‘lga tushirdi, u 52 yoshli erkak bo‘lib chiqdi. U jinoyatni nima sababdan amalga oshirgani hozircha noma’lum.
Izoh (0)