Toshkentning “Obod” klubi Aleksandr Mochinovni bosh murabbiy sifatida ishga taklif qildi. Bu haqda “Championat.asia” xabar berdi.
Aleksandr Mochinov o‘z vaqtida “Oqtepa”, “Bunyodkor”, “Buxoro” va “So‘g‘diyona” kabi klublarda faoliyat olib borgan, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bilan Osiyo Chempionatida ishtirok etgan. Bu borada unga yordamchilik qilgan Anatoliy Kurlayev “Obod” safida ham Mochinov bilan birga bo‘ladi.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston Oliy Ligasida birinchi bor ishtirok etayotgan “Obod” futbol klubi mavsumning ortda qolgan 12 ta turidan keyin so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Toshkent jamoasi 12 ta uchrashuvning 9 tasida imkoniyatni boy berib ulgurdi.
Aleksandr Mochinovga qadar klubni boshqarib kelgan Bobur Zuxriddinov jamoada olib qolindi. 1992-yilda tavallud topgan yosh mutaxassis “Obod”dagi faoliyatini davom ettiradi.
Ma’lumot uchun, Oliy Liga doirasida “Obod”ga qadar yana 4 ta jamoa murabbiy o‘zgartirib ulgurdi. Avvalroq G‘uzorning “Sho‘rtan”, Qo‘qonning “Qo‘qon—1912”, Namanganning “Navbahor” va Toshkentning “Paxtakor” klublarida ham bosh murabbiylar iste’fosi kuzatilgandi.
Izoh (0)