Korrupsiya va hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga tayyorgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan Qirg‘iziston sobiq davlat kotibi Doston Sarigulov sud qarori bilan ikki oy muddatga qamoqqa tortildi. Bu haqda mamlakat milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.
Qirg‘iziston maxsus xizmati “Kumtor” oltin koni bo‘yicha kelishuvlar tuzishdagi korrupsiya alomatlari yuzasidan yangi dalillar aniqlangani sababli uy qamog‘ida bo‘lgan Sarigulov 13-iyun, dushanba kuni tergov izolyatoriga joylashtirildi.
Matbuot xizmatiga ko‘ra, “Kumtor” loyihasi bo‘yicha jinoiy ish doirasida “Kameko”, “Kumtor Opereyting”, “Kumtor gold”, “Senterra Gold” kompaniyalari sobiq prezidenti Leonard Xomenyukning 1992—1999-yillarda qirg‘iz tomonidan mazkur loyihaga bosh-qosh bo‘lgan “Kirgizaltin” OAJ sobiq prezidenti Sarigulov harakatlaridagi korrupsiya alomatlari bo‘yicha ko‘rsatmalari ko‘rib chiqilmoqda. Tergov “Kumtor” loyihasidagi korrupsiya holatlarini o‘rganish chog‘ida bunday sxemalar tashkilotchilari — Qirg‘izistonning sobiq prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyev oila a’zolari hamda yaqinlari tomonidan qarshilik, tahdidlarga duch kelgan.
Izoh (0)