Eron diniy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy agar AQShning kelgusi prezidenti yadro kelishuvini buzgudek bo‘lsa, mamlakati mazkur hujjatni yoqib tashlashini bildirdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Biz shartnomani buzayotganimiz yo‘q, biroq boshqa tomon uni buzsa, kelishuvni yer bilan yakson qilsa, biz uni yoqib yuboramiz. Amerikaliklar shundoq ham majburiyatlarining muhim qismini bajarmadi”, — deyiladi oyatulloh bayonotida.
Ekspertlarga ko‘ra, Xomanaiyning ushbu bayonoti yadro kelishuvini tanqid qilgan va uni ko‘rib chiqishga va’da bergan Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod, milliarder Donald Trampga qaratilgan.
Oyatullohning bildirishicha, Tehron kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajardi, ammo AQSh bank va sug‘urta sektoridan sanksiyalarni olib tashlash, shuningdek, Eron hisob raqamlariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni cho‘zib kelmoqda.
Izoh (0)