Irlandiyaning Mit grafligida yaqinda torf botqog‘idan o‘n kilogramm vaznli sariyog‘ bo‘lagi topildi. Arxeologlarning fikricha, bu mahsulot qurbonlikka mo‘ljallangan. Bundan tashqari, uni iste’mol qilish mumkin, deya xabar bermoqda Gizmodo.
Topilma Irlandiya Milliy muzeyiga topshirildi. Muzey kuratorlaridan biri Endi Halpinning so‘zlariga qaraganda, sariyog‘ uchta qadimgi kelt qirolligi chegarasidagi Dreykrat hududidan topilgan.
Ba’zan bu kabi sariyog‘ “shar”lari botqoqlarga zaxira uchun yashirib qo‘yilgan, ba’zan esa mahsulot qurbonlik qilingan.
Halpinning so‘zlariga qaraganda, yumaloqlangan sariyog‘dan hali ham sut mahsulotlarining hidi keladi (aniqrog‘i achchiq pishloqning hidi) va u g‘ovak tuzilishni saqlab qolgan. Olim mahsulotni iste’mol qilish mumkinligini taxmin qilmoqda, biroq uning mazasini tatib ko‘rishni maslahat bermaydi.
Izoh (0)