“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati joriy yilning 16-iyunidan boshlab temiryo‘l harakati to‘xtatilishi haqida tarqalgan ma’lumotlarni rad etdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Internet orqali ijtimoiy tarmoqlarda va turli xil veb-saytlarda 2016-yilning 16-iyun kunidan boshlab 23—24-iyun kunlariga qadar Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlat rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi munosabati bilan Toshkent shahriga barcha transportlarning kirish-chiqishi, jumaladan temiryo‘l transporti harakati to‘xtatilishi haqida turli xil asossiz ma’lumotlar tarqalmoqda.
‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, aziz vatandoshlarimiz hamda yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlarga shuni ma’lum qiladiki, yuqorida ko‘rsatilgan kunlarda mahalliy va xalqaro yo‘nalishlardagi barcha poyezdlarda hech qanday o‘zgarishsiz va yo‘lovchi poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanishda davom etadi”, — deyiladi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati xabarida.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati poyezdlar harakati jadvalida qo‘shimcha yoki o‘zgartirishlar bo‘lsa, bu haqda jamiyat rasmiy veb-saytida to‘liq ma’lumot berilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)