AQSh prezidenti Barak Obama Kongressning mamlakatda o‘qotar qurol-yarog‘ sotuvi ustidan nazoratni kuchaytirishga qodir emasligidan darg‘azab bo‘ldi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Joshua Ernestning bayonotiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Kongress o‘qotar qurol ustidan zarur nazorat choralarini qabul qilmaganligidan prezidentning hafsalasi pir bo‘ldi”, — dedi Ernest.
Uning so‘zlariga qaraganda, bunday choralar alohida shaxslarning qurol sotib olish imkoniyatini qiyinlashtirib, Floridada va avval ham boshqa joylarda bir necha marta yuz bergan dahshatli fojialarning oldini olishi mumkin edi.
Avvalroq Oq uyda Amerika maxsus xizmati va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan uchrashuvdan so‘ng, Obama yana AQShdagi o‘qotar qurol-yarog‘ savdosi muammosiga e’tibor qaratdi.
“Bizda hammasi shunday tashkil etilganki, huquqni muhofaza qilish organlari ularning nazorati ostidagi odam qurol sotib olayotganligi haqida ma’lumot olishga qiynaladi. Agar bu haqda ma’lumot olgan taqdirda ham, bunday odamning qurol sotib olishiga to‘sqinlik qilishi qiyin. Bu aqlsizlikdir”, — dedi u.
Izoh (0)