Marokash hukumati, ulardagi ma’lumotlarga ko‘ra, IShID targ‘iboti ta’sirida terakt uyushtirishni rejalashtirgan Italiya fuqarosini qo‘lga oldi, deb yozadi “TASS”.
Marokash ichki ishlar vazirligi ayblanuvchi o‘tgan chorshanba kuni (8-iyun) Jazoir bilan chegarada joylashgan Ujda shahridagi aeroportda hibsga olinganini ma’lum qildi. IIV bayonotida aytilishicha, italiyalik IShID mafkurasi ta’siriga tushib qolgan va 2014-yilda ushbu guruhning mashg‘ulot lageriga kirishga harakat qilgan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan.
Bu Marokashda IShID bilan aloqadorlikda gumon qilinib, shaxslarning hibsga olinishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. May oyida G‘arb elchixonalari va sayyohlik obyektlariga qaratilgan teraktlarni rejalashtirgan Chad fuqarosi qo‘lga olingan edi. Martda esa Marokashda terakt tayyorlayotgan to‘qqiz kishilik guruh fosh etilgan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)