Aqto‘bedagi teraktni salafiylik oqimi izdoshlari tashkil qilgan. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”.
“Bu salafiylik noan’anaviy diniy oqimi izdoshlari guruhining terrorchilik hujumi ekanligini bilib bo‘ldik”, — dedi u 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi majlisida.
“Respublikada dinga sig‘inish erkinligini ta’minlash bilan bir vaqtda, diniy shiorlarni niqob qilib olib, mamlakatdagi vaziyatni zaiflashtiradiganlarning barchasiga qat’iy qarshilik ko‘rsatish niyatidamiz”, — deya ta’kidladi Nazarboyev.
Eslatib o‘tamiz, 5-iyun kuni diniy radikallar guruhi Aqto‘beda ikkita qurol-aslaha do‘koni va harbiy qismga hujum uyushtirdi. Natijada yetti kishi, jumladan, uch harbiy xizmatchi va to‘rt fuqaro halok bo‘ldi.
Izoh (0)