Afsonaviy bokschi Muhammad Ali bilan islom rasm-rusumlariga muvofiq xayrlashuv marosimi 9-iyun, payshanba kuni uning ona shahri — Luisvillda (Kentukki shtati) bo‘lib o‘tdi. Marosimda 14 mingga yaqin kishi ishtirok etdi, deya xabar beradi “TASS”.
Xayrlashuv Ali 1960-yilda professional boksdagi birinchi jangini o‘tkazgan va muvaffaqiyatga erishgan Freedom Hall sport arenasida bo‘lib o‘tdi. Unga kirish bepul tarqatilgan chiptalar orqali amalga oshirildi. Marhum bilan xayrlashish uchun ko‘pchilik boshqa mamlakatlardan ham keldi.
AQShning nufuzli musulmon arboblari, shuningdek, Alining qarindoshlari va do‘stlari vidolashuv so‘zlarini bildirdi. 20 daqiqa atrofida davom etgan marosim chog‘ida bokschining Makka tomoniga qaratilgan tobuti oldida Qur’on tilovat qilindi, duolar o‘qildi.
Muhammad Ali 10-iyun, juma kuni Luisvillda dafn etiladi.
Izoh (0)