KXDR Qizil Yarim oy jamiyati vakili Janubiy Koreya maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan fuqarolarini vataniga qaytarishni talab qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Nodon sinmun” gazetasida chop etilgan tashkilotning bayonotida ta’kidlanishicha, Janubiy Koreya hukumati KXDRning Xitoyda joylashgan ikki restorani xodimalarini qasddan izolyatsiyada saqlab, advokatlarning ular bilan uchrashishiga yo‘l qo‘ymayapti.
Bundan tashqari, jamiyat vakilining ma’lum qilishicha, Koreya Respublikasi Milliy razvedka agentligi ofitsiant qizlar Janubiy Koreyaga o‘z xohishi bilan qochib o‘tishga qaror qilganligi haqida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmoqda.
Qizil yarim oy jamiyati vakili Janubiy Koreya hukumatidan fuqarolarni vataniga qaytarish, aybdorlarni qattiq jazolash, sodir etilgan jinoyat uchun kechirim so‘rash hamda Shimol va Janubning yarashishiga qarshi chiqayotgan Koreya Respublikasining bosh maxsus xizmatini tarqatib yuborishni talab qildi.
Jamiyat bayonotiga ko‘ra, aprel oyida Xitoyning Ninbo shahrida (Chjetszyan provinsiyasi) joylashgan, KXDRga tegishli “Azaliya” nomli restoranning 12 nafar ofitsiant qizi XXRdan noqonuniy ravishda Tailandga olib chiqilib, u yerdan samolyotda Koreya Respublikasiga yuborilgan.
Izoh (0)