Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Oliy harbiy bojxona institutida “‘Navoiy’ erkin industrial iqtisodiy zonasi, ‘Angren’ va ‘Jizzax’ maxsus industrial zonalarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga berilayotgan bojxona imtiyozlarining ahamiyati” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida ro‘yxatga olingan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ushbu zona faoliyat ko‘rsatadigan butun muddatga, ya’ni 30 yilga (ushbu muddat uzaytirilishi mumkin) eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xorijdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, shuningdek, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
2015-yilda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida ro‘yxatga olingan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bojxona to‘lovlaridan jami 26,8 milliard so‘m miqdorida imtiyozlar berilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida ushbu ko‘rsatkich 3,2 milliard so‘mni tashkil qildi.
2015-yilda “Angren” (116,3 milliard so‘m) va “Jizzax” (45,2 milliard so‘m) maxsus industrial zonalarida ro‘yxatga olingan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bojxona to‘lovlaridan jami 161,5 milliard so‘m miqdorida imtiyozlar berilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida ushbu ko‘rsatkich “Angren” maxsus industrial zonasi bo‘yicha 32,2 milliard so‘mni va “Jizzax” maxsus industrial zonasi bo‘yicha esa 44,4 milliard so‘mni tashkil qildi.
Anjumanda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalarida ro‘yxatga olingan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ushbu zonalar uchun joriy qilingan imtiyozlardan tashqari joriy qilingan bojxona to‘lovlariga oid boshqa imtiyozlar yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.
Izoh (0)