9-iyun kuni O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivida mustaqillikning 25 yilligi hamda 9-iyun — Xalqaro arxivlar kuniga bag‘ishlangan “Mustaqil yurt arxivlari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda “Daryo”ga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Davra suhbati “O‘zarxiv” hamda kinofotofono hujjatlari arxivi tomonidan o‘tkazildi.
Tadbir doirasida “O‘zbekiston arxivlari: kecha va bugun” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi. Unda O‘zbekiston arxivlarining mustaqillikkacha va mustaqillik davridagi faoliyati solishtirma shaklida yoritib beruvchi fotosuratlar namoyish etildi.
Davra suhbatida “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi arxivlar vakillari, faxrli mehmonlar, Yashnobod qurilish kasb-xunar kolleji hamda Yunus Rajabiy nomidagi Toshkent Pedagogika kolleji talabalari ishtirok etdi. Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivi yetakchi arxivchisi A. Abduqodirova, katta ilmiy xodimi N. Mirzayev va boshqalar chiqish qildi.
Faxriy mehmon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Asror Abrorxo‘jayev O‘zbekiston arxivlarining yoshlarni tarbiyalashdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr bildirdi.
Shuningdek, tadbirda alohida qimmatli arxiv hujjatlaridan tayyorlangan, muassasa faoliyatini yorituvchi videorolik va tarixiy kinohujjatlardan lavhalar namoyish etildi.
Izoh (0)