Misr sudi 7-iyun, seshanba kuni ikki yil avval mamlakat janubidagi qabilalararo to‘qnashuvga aloqador 25 kishiga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi hukmini tasdiqladi, deb yozadi “TASS” “Al-Ahram” nashriga tayanib.
Misrdagi yuridik amaliyotga muvofiq, ayblanuvchi o‘limga mahkum etilsa, hukm birinchi marta o‘qib eshittirilgach, hujjatlar mamlakat oliy muftiysiga imzolash uchun yo‘naltiriladi, agar u tasdiqlansa, sud yakuniy hukmni o‘qib eshittirishga majbur.
Sud 2014-yil aprelida Qohiradan janubdagi Asuan shahri tashqarisida joylashgan qishloqda ikkita oila o‘rtasidagi ommaviy to‘qnashuvlar haqidagi ishni ko‘rib chiqdi. O‘shanda arablarning Bani Halol va nubiylarning Dabudiya qabilalari o‘rtasidagi mojaro qabilalardan biriga tegishli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilinishi natijasida kelib chiqqan va 28 kishining o‘limiga olib kelgan edi.
Ish bo‘yicha jami 163 kishi sudlandi, ularning 138 nafari uch yildan bir umrgacha bo‘lgan turli muddatlarga qamaldi.
Izoh (0)