Meksikadagi hukmron Institutsiyaviy-inqilobiy partiya (IIP) 86 yil mobaynida ilk bor to‘rt shtat — Verakrus, Tamaulipas, Kintana-Roo va Durangodagi gubernatorlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchradi. 7-iyun, seshanba kuni e’lon qilingan salkam 100% byulletenlarni qayta ishlash natijalari shundan dalolat bermoqda, deya xabar qiladi “TASS”.
5-iyunda bo‘lib o‘tgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra, bir qator shtatlarda Demokratik inqilob partiyasi (DIP) bilan koalitsiyada saylovlarda ishtirok etgan Milliy harakat partiyasi (MHP) 12 mintaqadan yettitasida g‘alaba qozondi.
2018-yilda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishini inobatga olganda, IIP uchun ayniqsa saylovchilar soni bo‘yicha (5,6 million kishi) mamlakatda uchinchi o‘rinda turadigan Verakrus shtatidagi mag‘lubiyat alamli bo‘ldi. Yangi saylangan gubernator Migel Anxel Yunes Linares mintaqaning amaldagi rahbari Xavyer Duarteni davlat mulkini o‘marishda ayblab, qamoqqa jo‘natishga va’da berishga ham ulgurdi.
Hukmron partiya besh—olti mintaqa, jumladan, Verakrus va Tamaulipasdagi ovoz berish natijalari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilish niyatida.
Izoh (0)