7-iyun kuni Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hukumat rahbarlari Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilishda xalqaro tashkilotning zamonaviy shart-sharoitlarga moslashuvi masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda “MDH ishtirokchi-davlatlari aholisi sog‘lig‘i” strategiyasi, onkologik xastaliklarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi, 2016–2020-yillarda qandli diabet profilaktikasi va uni davolash bo‘yicha hamkorlik dasturi, kimyoviy sanoat sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, agrobioxilma-xillikni saqlab qolish to‘g‘risidagi konvensiya, MDH davlatlari elektr energiyasi obyektlaridagi avariyalar haqida axborot almashish hamda MDH davlatlarining radioaktiv manbalarni ko‘chirish masalalari yuzasidan axboriy hamkorligi bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Hukumat rahbarlari Kengashi 2020-yilda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasini MDH davlatlari rahbarlari Kengashi muhokamasiga kiritishga kelishib oldi.
Ayni paytda MDHga Qirg‘iziston raislik qilmoqda. Sentabr oyida Bishkekda tashkilotning 25-sammiti bo‘lib o‘tadi.
Hukumat rahbarlarining keyingi yig‘ilishi 2016-yil 28-oktabrida Belarusda bo‘lib o‘tadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov boshchilik qildi.
Izoh (0)