Ayrim qisqa muddatli kometalarning tanasi ikkiga bo‘linib, so‘ng yana birlashishi mumkin. Bu haqda bir guruh olimlar maxsus tadqiqot yakunlariga ko‘ra ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Naked Science.
Perdyu universiteti hamda Boulderdagi Kolorado universiteti tadqiqotchilarining aniqlashicha, Quyosh atrofida 200 yillik davr mobaynida aylanadigan ayrim muddatli kometalarning tanalari muntazam ravishda ikkiga bo‘linib, so‘ng qaytadan to‘planadi. Olimlarning fikricha, bu retsidiv kometalar evolyutsiyasining bir qismidir.
Tadqiqotning asosiy obyekti 67P/Churyumov — Gerasimenko qisqa muddatli kometasi bo‘ldi. Tasvirlar unda ikki yoriq hosil bo‘lganini va ular kometani ikki “yaproq”qa bo‘layotganini ko‘rsatdi.
Kometaning o‘tmishini qaytadan tiklash uchun olimlar raqamli modellashtirish metodidan foydalandi. Aniqlanishicha, kometaning tezroq aylanishi bunday yoriqlarni keltirib chiqarishi kerak edi. Ya’ni, agar hozirda kometaning aylanish tezligi 12 soatni tashkil etsa, yoriqlar hosil bo‘lgan paytda bu interval 7–9 soatga teng bo‘lishi lozim edi.
Aylanishning tezlashishi turli omillar bilan tushuntirilishi mumkin: yerning tortishish kuchi, gaz ajralishi va hokazo. Agar kometa ikkiga bo‘linsa, bo‘laklar bir-biridan uncha uzoqlashib keta olmaydi.
“Ular bir-birining atrofida aylana boshlaydi, bir necha hafta, kun va hatto soat davomida ular yana birlashib, kometa yadrosining yangi konfiguratsiyasini hosil qiladi”, — dedi tadqiqot ishtirokchisi, professor Deniel Sheriz.
Olimlar tadqiq etgan yetti kometaning beshtasi “qo‘sh yaproqli” bo‘lib chiqdi.
Izoh (0)