Chadning sobiq prezidenti Xissen Xabre insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Dakardagi maxsus tribunalning xulosasida aytildi, deb yozmoqda “TASS”.
Xissen Xabre harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar, qullikda ushlab turish, qasddan qotillik sodir etish, tizimli ravishda ommaviy qirg‘inlar uyushtirish, insonlarni o‘g‘irlash, qiynoqqa solish, insonlarni noqonuniy ravishda zo‘rlik bilan tutib turishda ayblandi.
Chiqarilgan hukmni huquq himoyachilari ham qo‘llab, ulkan g‘alaba sifatida baholadi. Xabrening advokatlari ikki hafta mobaynida apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilishi mumkin.
2015-yil 20-iyulidan buyon davom etayotgan sud eshituvlarini ko‘pgina kuzatuvchilar muhim tarixiy voqea deb baholamoqda, negaki Afrikaning bir davlati rahbari birinchi marta qit’aning boshqa davlati sudida javobgarlikka tortildi — maxsus tribunal Dakarda, Senegal hukumati bilan kelishuv asosida Afrika Ittifoqi tarafidan tashkil etildi.
1982–1990-yillarda Chad prezidenti bo‘lgan 73 yoshli Xissen Xabre “Afrika Pinocheti” nomini olgan. Huquq himoyachilarining fikricha, u 40 mingdan ortiq odamning o‘limida aybdor.
Izoh (0)