Los-Anjelesda sud aktyor Jonni Deppning o‘z rafiqasi Amber Xyordga 100 yard (91,4 metr)dan yaqin kelishini taqiqladi, deb yozadi “RBK” TMZ’ga tayanib.
Amber oilaviy uyda yashash huquqini qo‘lga kiritdi. Deppning xotini, shuningdek, suddan eriga har oyda unga 50 ming dollardan pul yuborish majburiyatini yuklashni so‘radi, ammo ushbu talab rad etildi.
Amber ta’kidlashicha, Depp uning yuziga iPhone smartfoni bilan urgan. U telefonda do‘sti bilan suhbatlashayotgan vaqtda Depp uydagi narsalarni sindirgan. Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, eri uning telefonini tortib olgan, biroq u do‘stiga “Politsiyaga qo‘ng‘iroq qil!” deyishga ulgurgan.
Politsiyachilar voqea joyiga yetib kelganida, Depp uyni tark etib bo‘lgan. Amberning aytishicha, unda Jonni uni do‘pposlagani aks etgan video bor.
Aktrisa Deppning onasi o‘limidan uch kun o‘tib, ajrashish uchun ariza berdi, bir haftadan so‘ng esa maishiy zo‘ravonlikdan shikoyat qildi.
Eslatib o‘tamiz, Gollivud aktyori Jonni Depp aktrisa Ember Xyord bilan 2015-yil 3-fevralda rasman nikohdan o‘tgan edi.
Izoh (0)