Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi raqamli shaxmatchisi, 17-jahon chempioni, 1998-yilgi Osiyo chempioni Rustam Qosimjonov 26-maydan Toshkentdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatidagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Qit’aning eng nufuzli Asian Continental Chess Championships 2016 turniri o‘z tarixida 15-marotaba tashkil etilyapti.
26-may kuni bo‘lib o‘tgan ilk turda Qosimjonov qora donalarda harakat qildi. Uning raqibi BAA vakili Omar Noaman bo‘ldi. Qora donalarda harakat qilganiga qaramay, Rustam Qosimjonov raqibini taslim etdi.
Osiyo chempionatining birinchi raqamli ishtirokchisi — vyetnamlik Le Kuang Lem ham musobaqadagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. U birinchi turda o‘zbekistonlik Akmal Fayzullayevni mag‘lubiyatga uchratdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda 91 nafar ishtirokchi bosh mukofot uchun bahslarga kirishdi. Xotin-qizlar musobaqasida esa 35 ishtirokchi Osiyo chempionligi uchun kurashyapti.
Izoh (0)