Britaniya matbuoti AQShda yashovchi Fridrix Buyuk laqabli friz ayg‘irini dunyodagi eng chiroyli ot deb topdi. Tim qora rangli mushakdor tulpor Ozark ko‘li yaqinidagi Pinnacle Friesians ot zavodida istiqomat qiladi, deb xabar bermoqda “Moya planeta” Daily Mail nashriga asoslanib.
Fridrix Buyukning shuhrati kun sayin ortmoqda — pruss imperatorining adashi bo‘lgan ayg‘irning Facebook’dagi sahifasida 19 mingdan ortiq obunachi bor, uning ishtirokidagi videoni esa YouTube orqali millionlab odamlar ko‘rmoqda.
2015-yilda Fridrix farzand ko‘rdi; mitti qulun 9 oy ichida otasidan qolishmaydigan xushbichim toychoqqa aylandi. Uni bir necha ming dollarga sotib olish mumkin.
Otlarning friz zoti XVI–XVII asrlarda Niderlandiyada yetishtirilgan. Aravaga qo‘shilishga mo‘ljallangan zot o‘z go‘zalligi bois “qora marvarid” deb yuritila boshlangan. Bu zotdagi ayg‘irlar faqat tim qora rangda bo‘ladi, baytallarda esa oq qashqa kuzatilishi mumkin.
Izoh (0)