Buxoroda 26-may, payshanba kuni XV an’anaviy ipak va ziravorlar xalqaro festivali boshlandi. Bu haqda O‘zA xabariga tayanib, “Gazeta.uz” ma’lum qilmoqda.
28-mayga qadar davom etadigan tadbir ishtirokchilarning Qadimiy Ark qal’asidan Labi hovuz sohillarigacha tantanali yurishi bilan boshlandi.
Viloyat hokimligi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Buxoro viloyati mintaqaviy bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Ipak va ziravorlar” festivali milliy hunarmandlikni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda turizmni yanada ravnaq toptirish, Buxoroni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgandir.
Keng ko‘lamli ko‘rgazma-savdo rastalarida Buxoro mis-kandakorlik asarlari, kulolchilik va zargarlik buyumlari, zardo‘zlik liboslari, devoriy kashtalar, vodiy atlasu adraslari, do‘ppilari, chinni idishlari, Surxonning jun va ipakdan ishlangan mahsulotlari, toshkentlik ustalarning yog‘och o‘ymakorlik ashyolari, Jizzaxning biser-munchoqli san’at asarlari, umuman, O‘zbekiston va xorijlik hunarmandlarning ipak mahsulotlari, ziravorlar, giyohlardan tayyorlangan shifobaxsh darmondorilar namoyish etildi. Buxoro rassomlik va miniatyura, zargarlik, zardo‘zlik, mis-kandakorlik, temirchilik, gilamchilik va G‘ijduvon kulolchilik maktablari ustalarining mahorat darslari tashkil etildi.
Festivalda barcha viloyatlar folklor-etnografik jamoalari o‘z dasturlarini namoyish etmoqda. Festival doirasida O‘zbekiston tarixiga oid filmlar, zamonaviy va milliy an’analar mujassamlashgan liboslar kolleksiyalari namoyish etilmoqda.
Izoh (0)