Xorazm viloyatining Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasida 2016-yilning 3-iyun kuni “Xalfachilik: an’ana va zamonaviylik jihatlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani hamda xalfa qo‘shiqlari ijrochilarining birinchi respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tanlov tashkilotchisi — O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mustaqillikning 25 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish, xalfachilik san’atini ilmiy o‘rganish va uni rivojlantirish, xalfachilik san’atini kelajak avlodga asl ijrochilik an’anasini yo‘qotmagan holda yetkazish uchun zarur qo‘llanmalar yaratish, o‘quv seminarlari, anjumanlar va boshqa tadbirlar tashkil etish, Navro‘z bayramlari uchun xalfalarning alohida dasturlarini tayyorlash.
Ko‘rik-tanlov ilmiy-metodik markaz tashabbusi bilan “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Xorazm viloyati hokimiyati hamda Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Ilmiy-amaliy anjumanda respublikaning yetuk olimlari va sohaga doir ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan mutaxassislar ishtirok etadi.
Izoh (0)