O‘zbekiston Respublikasi mehnat vaziri Aziz Abduhakimov 24-may kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining atrof-muhit va mehnat qo‘mitasi raisi Kim Yong Jo xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda “Daryo”ga Mehnat vazirligining matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Vazir o‘z kirish so‘zida O‘zbekiston hukumati tomonidan aholi bandligini ta’minlash, mehnat huquqi muhofazasini kuchaytirish va munosib mehnat sharoitini yaratish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, mehnat vaziri parlament, viloyat va tuman hokimliklari misolida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash masalasi ijobiy yechimini topishi natijasida xotin-qizlar teng huquq asosida mehnat faoliyati yuritayotganiga alohida urg‘u berdi.
O‘z navbatida, delegatsiya vakillari yig‘ilganlarga tashriflarining maqsadi, shuningdek, Milliy Assambleya faoliyati xususida so‘zlar ekan, O‘zbekistonning boy madaniyati va ma’naviy merosi koreyaliklar tomonidan yuksak darajada qadrlanishi hamda O‘zbekistonni Markaziy Osiyo hududidagi strategik hamkor sifatida tan olishlarini qayd etdi.
Uchrashuvda tomonlar yaqin istiqbolda hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi. Jumladan, mehnat migratsiyasi, kasbga qayta tayyorlash tizimini tashkil etish va Koreya tajribasi asosida aholi bandligini ta’minlash ishlarini takomillashtirishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Izoh (0)