Shu yilning 2-iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Qirg‘iziston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuv o‘tkazishi haqida xabar qilingandi. “Championat.asia” nashrining xabar berishicha, mazkur uchrashuv bo‘lib o‘tmaydi.
“O‘yin 2-iyun kuni Toshkentdagi ‘Bunyodkor’ stadionida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq uchrashuv bekor qilindi. O‘FF terma jamoalar markazi bu kun uchun tezkorlik bilan sparring raqib qidirishni boshlab yubordi”, – deyiladi nashr xabarida.
Qirg‘iziston futbol federatsiyasining Facebook’dagi rasmiy sahifasiga tayanib, “Championat.asia”ning xabar berishicha, uchrashuv O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 13-may kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati 2-iyun kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida O‘zbekiston milliy termasi Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushishini xabar qilgandi. Ushbu uchrashuvdan keyin Samvel Babayan shogirdlari Avstriyadagi yig‘inga jo‘nab ketishi va u yerda 7-iyun kuni Kanada termasiga qarshi maydonga tushishi ma’lum qilingandi.
Izoh (0)