Ayollar o‘rtasida O‘zbekistonning birinchi raketkasi Nigina Abduraimova Yaponiyaning Kurume shahrida davom etayotgan, sovrin jamg‘armasi 50 ming dollarga teng ITF turkumidagi tennis turnirining yarim finaliga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, mazkur musobaqaning ikkinchi raketkasi sifatida tasniflangan 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi britaniyalik Keti Dannga qarshi bahs olib bordi. Bir soatu 34 daqiqa davom etgan bellashuvda 6:4, 6:3 hisobi qayd etilib, Abduraimova foydasiga hal bo‘ldi.
Musobaqaning yarim finalida o‘zbekistonlik tennischi rossiyalik Kseniya Likina bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, Nigina Abduraimova birinchi davrada fransiyalik Josefin Bualemni 6:4, 7:6, ikkinchi davrada esa yaponiyalik Kanae Hisameni qiyinchilik bilan 4:6, 6:3, 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Izoh (0)