Google kompaniyasi AQShda to‘qnashuv vaqtida piyodani kapotga yopishtirib qo‘yuvchi o‘ziga xos qoplama uchun patent oldi. Mazkur qoplama patenti uchun ariza 2014-yilda berilgan bo‘lib, AQSh Patentlar va savdo belgilari idorasi uni endi ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Carzone.uz”.
Maxsus yelim qatlami boshqa avtomobilning old qismidagi boshqa — yopishqoq bo‘lmagan qatlamlari orasida turadi. Yelimli qatlam amalda tuxum po‘chog‘idek holatda bo‘ladi. To‘qnashuv vaqtida qatlam yemirilib, yelim tashqariga chiqadi va kapotdagi odamni ushlab qoladi.
Google’dagilarning tushuntirishicha, mazkur ishlanma “ikkilamchi zarbalar” — to‘qnashuvdan so‘ng piyodaning old oynaga, yo‘lga yoki boshqa mashinalarga urilishi natijasida olishi mumkin bo‘lgan jarohatlar ko‘lamini kamaytirishga yo‘naltirilgan.
Ayni vaqtda yo‘l sharoitida sinovdan o‘tkazilayotgan Google’ning haydovchisiz avtomobillari aynan shunday “yopishqoq kapot”lar bilan ishlab chiqarilishi ehtimoli yo‘q emas.
Izoh (0)