Google kompaniyasi 19-may kuni I/O ishlab chiqaruvchilar konferensiyasi doirasida Tesla Model S’dagi kabi katta sensorli ekranga ega multimedia tizimi prototipini namoyish etdi. Android N operatsion dasturida ishlovchi tizim Android Auto’ning keyingi versiyasi qanday shaklda bo‘lishini ko‘rsatadi, deb yozmoqda Motor.
Prototip Maserati Ghibli sedaniga o‘rnatildi. U Qualcomm kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Ekran 4K yechimini qo‘llab-quvvatlaydi.
Keyingi avlod Android Auto avtomobil tizimida alohida ekran bo‘ladi. Displeyning yuqori qismida yaqinda yopilgan dasturlar, pastki qismida esa ishlab turganlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, Google Ghibli’ga o‘z uskunalar panelini o‘rnatdi. Yuqori yechimdagi rangli ekranga turli axborotni, aytaylik, navigator xabarlarini chiqarish mumkin.
Konferensiya asnosida kompaniya vakillari Android Auto — smartfonlarni avtomobillar multimedia tizimlari bilan uyg‘unlashtirish tizimi — tez orada oddiy mobil dasturga aylanishini bildirdi. Undan hatto multimedia tizimi yo‘q modellarda ham foydalansa bo‘ladi.
Izoh (0)