BMT kotibiyati EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli A320 yo‘lovchi samolyotining g‘oyib bo‘lishi atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va hodisaning sabablari aniq bo‘lishini kutmoqda. Bu haqda BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Biz katta xavotir bilan vaziyatni kuzatmoqdamiz va yuz bergan hodisa ochiqlanishini kutmoqdamiz”, — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha voqea sababi aniqlanmagan, BMTdagilar bu borada taxminlarni ilgari surmoqchi emas.
Parijdan Qohiraga uchayotgan samolyot Gretsiya havo hududiga kirgandan 20 daqiqa o‘tib, radarlardan g‘oyib bo‘ldi. MS804 reysi bortida 56 nafar yo‘lovchi (ulardan uch nafari bola) va o‘n nafar ekipaj a’zosi bor edi. Ularning taqdiri hozircha noma’lum.
“Mayadin” telekanali, EgyptAir aviakompaniyasidagi manbasiga tayanib, samolyot O‘rta Yer dengiziga qulaganini bildirgandi.
Ilgariroq AQSh razvedkasi halokatning asosiy sababi sifatida teraktni ko‘rayotgani xabar qilingan edi. Bundan tashqari, Misr fuqarolik aviatsiyasi vaziri Sharif Fathiy terrorchilik hujumi aqlga kelayotgan birinchi ehtimol ekanligini tan olgandi.
Izoh (0)