O‘zbekistonlik tajribali tennischi Oqgul Omonmurodova Xitoyning Chjenchjou shahrida davom etayotgan, sovrin jamg‘armasi 50 ming dollarga teng ITF turkumidagi tennis turnirining yakkalik bahslari chorak finaliga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, ikkinchi davrada 31 yoshli o‘zbekistonlik tennischi tailandlik Nicha Lertpitaksinchayga qarshi bahs olib bordi. Bir soatu 19 daqida davom etgan bellashuvda 6:1, 6:4 hisobi qayd etilib, Omonmurodova foydasiga hal bo‘ldi.
Dastlabki davrada o‘zbekistonlik tennischi musobaqa mezboni, turnirning ikkinchi raketkasi Fangjou Liuni 6:2, 6:3 hisobida mag‘lub etgandi.
Shuningdek, slovakiyalik Mikaela Honkova bilan tandem hosil qilgan Omonmurodova juftliklar bahsi birinchi davrasida xitoylik Yugi Sheng hamda Gonkong vakilasi Ling Chjan duetini 6:4, 6:7, 10:5 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l olgandi.
Yarim final yo‘llanmasi uchun bahsda Omonmurodova/Honkova tandemi bugun, 19-may kuni Syu Yu Ye (Xitoy) va Na Ri Kim (Janubiy Koreya) juftligiga qarshi kortga chiqadi.
Izoh (0)