19-may, payshanba kuni Misr bosh vaziri Sharif Ismoil Parijdan Qohiraga uchayotgan, O‘rtayer dengizi ustida g‘oyib bo‘lgan A-320 yo‘lovchi samolyoti qidiruvi bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilish uchun Qohira xalqaro aeroportiga yetib keldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
EgyptAir aviakompaniyasi yo‘qolgan samolyot yo‘lovchilarining Qohira aeroportiga yetib kelayotgan qarindoshlari uchun maxsus zal ajratilganligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, EgyptAir aviakompaniyasining MS804 reysi bilan Parijdan Qohiraga uchayotgan yo‘lovchi samolyoti 19-may, payshanba kuni erta tongda Misr havo hududida radarlardan g‘oyib bo‘ldi. Uning bortidagi yo‘lovchi va ekipaj a’zolari (jami 66 kishi) Misr, Fransiya, Buyuk Britaniya, Iroq va Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgan.
Samolyot “Sharl-de-Goll” aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Samolyot yo‘qolgan hududda Misr va Gretsiya aviatsiyasi qidiruv ishlarini amalga oshirmoqda.
Izoh (0)