Anqara prokurori Gretsiya Oliy sudiga mamlakat Harbiy-havo kuchlari ofitserini javobgarlikka jalb etish yuzasidan yordam ko‘rsatishni so‘rab maktub yubordi. Bu haqda, 17-may, seshanba kuni Afina axborot agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Turk tomoni grek ofitseri 1996-yilda xalqaro havo hududida raketa yordamida Turkiya Harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyotini urib tushirganligini ta’kidlamoqda.
Turk prokurorining xatida F-16 ekipaji komandiri Nail Erdo‘g‘onning oilasi va qiruvchi samolyotning halokatga uchrashi davomida yaralangan ikkinchi uchuvchi Osman Sitsikli tovon puli tariqasida 1 million yevro talab etayotganligi ma’lum qilingan.
Grek uchuvchisi, shuningdek, Turkiyaning davlat xavfsizligi, yaxlitligi, birligi va mustaqilligining himoyasi haqidagi qonunini buzishda ayblanmoqda.
Afina agentligining qayd etishicha, 1996-yilning 8-oktabrida “Nikiforos” Gretsiya—Kipr o‘quv mashg‘ulotlariga qarshi norozilik belgisi sifatida Turkiyaning to‘rtta F-4 bombardimonchi samolyoti ikkita F-16 qiruvchi samolyoti hamrohligida Xios va Samos orollari o‘rtasidagi grek havo hududini kesib o‘tgan. Ularni tutish uchun ikkita “Miraj 2000” grek harbiy samolyoti havoga ko‘tarilgan. Turk samolyotlari bilan yaqinlashgandan keyin greklar hech qanday raketa chiqarmasdan, nishonni tanib olish va tutishga kirishgan. Chetga chiqish uchun keskin harakat qilgan turk qiruvchi samolyotlaridan biri boshqaruvni yo‘qotib, dengizga qulagan.
Qiruvchi samolyotning bo‘laklari va birinchi uchuvchining jasadi topilmagan. Shu bilan birga, ikkinchi uchuvchi Gretsiya havo javobgarligi hududidagi dengizdan topilgan. U greklar tomonidan Turkiyaning Izmir shahridagi aerodromga yuborilgan.
Izoh (0)