2016-yilning 13–15-may kunlari Toshkent shahrida bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon kubogi bosqichi va Happy Caravan xalqaro turniri o‘z yakuniga yetdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
An’anaviy tarzda o‘tkaziladigan Jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston, AQSh, Belarus, Janubiy Koreya, Ispaniya, Isroil, Malayziya, Polsha, Rossiya, Xitoy, Estoniya, Yaponiya, Qozog‘iston, Armaniston kabi davlatlardan 100 nafardan ortiq gimnastikachi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqalarda gimnastikachilar yakkalik va guruh bahslarida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Jahon kubogi bosqichining alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha shaxsiy bahslarda Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olgan Anastasiya Serdyukova to‘p va tasmada mashq bajarishda ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Yelizaveta Nazarenkova bulavada mashq bajarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Happy Caravan xalqaro turnirining shaxsiy hisobdagi musobaqasida O‘zbekiston vakilalaridan Nuriniso Usmonovaning arg‘amchi, halqa va to‘p bilan bajargan mashqlari uchta bronza medalga loyiq topildi. Yana bir o‘zbekistonlik gimnastikachi Milana Tyan bulavada mashq bajarishda bronza medali bilan taqdirlandi.
Izoh (0)