Afg‘onistonning Nimruz viloyatida bolalarni poliomiyelitga qarshi emlayotgan ikki shifokor halok bo‘ldi. Ularning avtomobili jangarilar tomonidan o‘rnatilgan mina tufayli portlab ketdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Hodisa 16-may, dushanba kuni Chaman uyezdining Zilzob-Baluchin aholi punkti hududida yuz berdi.
Avvalroq Farah viloyati hukumati besh yoshgacha bo‘lgan 6,5 mingdan ortiq bolani poliomiyelitga qarshi emlash kampaniyasining boshlanishi haqida e’lon qilgan edi.
Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2015-yilda mamlakatda poliomiyelit virusini yuqtirish bilan bog‘liq yettita holat aniqlangan. Afg‘oniston 2016-yilning iyuniga qadar o‘z hududida poliomiyelitni tugatishni zimmasiga olgan. Biroq, shifokorlarning so‘zlariga qaraganda, ekstremistik guruhlar jangarilari o‘z nazorati ostidagi hududlarda bolalarni emlashga to‘sqinlik qilmoqda.
Izoh (0)