Angliya chempionatining so‘nggi 38-turidan o‘rin olgan “Manchester Yunayted” – “Bornmut” uchrashuvi “Old Trafford”ning Shimoli-G‘arbiy qismidagi sektorlaridan birida topilgan shubhali paket tufayli qoldirilgani haqida xabar berilgan edi. Paketning ichidagi buyum portlovchi qurilmaga o‘xshash mulyaj — o‘quv-tayyorgarlik moslamasi bo‘lib chiqdi, deb xabar beradi “Chempionat”.
Mazkur qurilmani qidiruv itlarini tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxsiy kompaniya unutib qoldirgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan uchrashuv bekor qilinib, muxlislar evakuatsiya qilingan edi.
“Manchester Yunayted” uchrashuvining qoldirilgani va abonement egalariga tovon pulini to‘lashi uchun 3 million funt sarflaydi.Mankunianlarning Twitter’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qilinishicha, “Manchester Yunayted” – “Bornmut” uchrashuvi 17-may kuni, mahalliy vaqt bilan 20:00, Toshkent vaqti bilan esa 18-mayga o‘tar kechasi 00:00 da boshlanadi.
Qayd etish joiz, Chempionlar Ligasining so‘nggi yo‘llanmasi uchun kurash olib borgan Manchester klublaridan “Siti” so‘nggi turda “Suonsi” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Qo‘lga kiritilgan 1 ochko Manuel Pellegrini jamoasiga YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi pog‘onani 99 foizga kafolatladi. Yana bir foiz imkoniyatdan foydalanib qolish uchun “Yunayted” bo‘lajak o‘yinda “Bornmut”ni 19 ta gol farqi bilan mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)