Futbol bo‘yicha Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Visente del Boskening ma’lum qilishicha, “Real” va “Atletiko” klublarining Chempionlar Ligasi finali hamda “Sevilya”ning “Liverpul”ga qarshi Yevropa Ligasi finalida ishtirok etishi mamlakat terma jamoasining rejalariga salbiy ta’sir o‘tkazib, Yevro–2016 turniriga qaydnoma borasida qaror qilishga to‘sqinlik qilmoqda, deb xabar qiladi “Chempionat”.
“Ispaniyaning uchta klubi yevrokuboklar finalida ishtirok etayotgani terma jamoa rejalarini buzdi. Final bahslarida terma jamoaga nomzod bo‘lgan 17 nafarga yaqin futbolchi ishtirok etadi. Biz ularning barchasini kuzatib boramiz. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, men terma jamoaning Yevro–2016 turnirida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxatini belgilangan muddatda ma’lum qilishim kerak, lekin bunday sharoitda bu ishning uddasidan chiqish qiyinroq bo‘ladi”, – dedi del Boske.
Ma’lumot uchun, 18-may kuni Bazel shahridagi “Sankt-Yakob Park” stadionida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ligasi finalida “Liverpul” va “Sevilya” jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. 28-may kuni Milan shahridagi “San-Siro” stadionida o‘tkaziladigan Yevropa Chempionlar Ligasi finalida esa Madridning ikki klubi — “Real” va “Atletiko” bosh sovrin uchun bellashadi.
Ispaniya terma jamoasi 10-iyundan 10-iyulgacha bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionatining guruh bosqichida Chexiya, Turkiya va Xorvatiyaga qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)